Jamiyatning ko‘magida ikkala mamlakatning nufuzli universitetlari olimlari o‘rtasida ham samarali aloqalar o‘rnatilib kelinmoqda. 2007 yil kuzida Andijon tillar universiteti professori, filologiya fanlari doktori Muxtor Umarxo‘jaev Leyptsig universiteti Germanistika institutida ikki oylik ilmiy safarda bo‘lib, nemis tili leksikologiyasi bo‘yicha darslik yaratish loyihasi ustida ilmiy izlanishlar olib borgan.
Xuddi shu davrda, Nizomiy nomidagi universitet professori sifatida, Xurram Raximov ham Leyptsig universitetining Herder instituti professori doktor Klaus Altmayerning taklifiga binoan DAAD stipendiyasi yordamida ushbu shaharda uch oylik ilmiy safarda bo‘lgan. Ushbu safar davomida avval boshlangan mamlakatshunoslik loyihasi doirasidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli davom ettirilgan.
Shu bilan bir vaqtda ikkala universitet fakultetlari o‘rtasida hamkorlik shartnomasini imzolash bo‘yicha ishlar olib borilgan. Ushbu shartnomada Germaniya va O‘zbekiston germanist olimlarining o‘zaro hamkorlikda nemis tili fanlaridan o‘zbek germanistika talabalari uchun darslik va qo‘llanmalar yaratishlari nazarda tutilgan edi.
OO‘IJ nemis talabalari uchun ham O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida turli fanlar bo‘yicha ta’lim olish va ilmiy tadqiqotlar olib borishda ko‘maklashishni yo’lga qo’ygan. Jumladan, Bayroyt universiteti Sharqshunoslik fakulteti magistranti Gerit Zimmermann 2004 yilda O‘zbekistonda ilmiy izlanishlar olib borgan va o‘zining magistrlik dissertatsiyasida o‘zbek tilidagi arabcha so‘zlarning tarixini Arabxona qishlog‘i shevasi asosida tadqiq etgan.


Ilmiy jamiyat tomonidan Leyptsig universiteti talabasi Birgit Läbega 2008 yilda O‘zbekistonda bir semestr davomida tahsil olishi uchun yordam tashkil etilgan. Shu universitet magistranti Daniel Johannes Lepetitga ham 2008 yilda Nizomiy nomidagi universitetda til amaliyotini o‘tashi uchun tegishli yordam ko‘rsatilgan edi. Umuman olganda, shu vaqtga qadar Germaniyaning Xalqaro almashinuvlar jamiyati tomonidan yuborilgan aksariyat talabalarga OO‘IJ a’zolari tomonidan til amaliyotini o‘tash jarayonida doimiy tashkiliy va metodik yordam ko‘rsatib kelingan.

