Nizomiy nomidagi universitet germanistika bo‘limini qo‘llab-quvvatlashi haqida
Olmon–O‘zbek Ilmiy Jamiyati O‘zbekistonda eng avvalo ilmiy hamda madaniy-siyosiy sohalarni qo‘llab-quvvatlashga intilib keladi. Bu, yuqorida ta’kidlangan xalqaro konferensiyalar bilan bir qatorda, O‘zbekistondagi eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri – Toshkentdagi Nizomiy nomidagi universitetning Olmon tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi.
Mazkur kafedra o‘quv xonalarini jihozlashda Jamiyat homiyligida mebellar, kompyuterlar, printerlar va boshqa zaruriy kantselyariya jihozlariga ega bo‘lgan. Shu yillar davomida universitet binosida OO‘IJ uchun maxsus xona ham ajratilgan.
Jamiyatning muassis a’zosi Gabriele Keller xonim Toshkent va Samarqandda olmonshunos talabalar uchun “Ertakshunoslikka kirish” mavzusida ko‘plab seminarlar tashkil etgan. 2004 yilda Olmon tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasining arizasiga asosan, u Nizomiy nomidagi universitet Ilmiy kengashi tomonidan universitetning faxriy doktori unvoniga sazovor bo‘ldi. Samarqandda olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun esa Samarqand shahrining faxriy fuqarosi etib saylandi.


OO‘IJning o‘zbek universitetlariga Yevropaning boshqa oliygohlari bilan aloqalar o‘rnatishda ko‘magi
Ilmiy Jamiyat o‘zbek universitetlariga Yevropaning boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ham yordam bermoqda. Jamiyatning sa’y-harakatlari tufayli shu vaqtgacha o‘zbek universitetlarining 5 nafar dotsenti va 4 nafar talabasi Fridrix Shiller nomidagi Yena universitetida tashkil etilgan yozgi olmon tili kurslarida ishtirok etib, moliyaviy yordam sifatida berilgan stipendiyalar orqali malaka oshirib qaytdilar. Fransiyaning Myulhauzen universiteti bilan aloqa o’rnatildi.
Olmon–O‘zbek Ilmiy Jamiyati 2017 yildan buyon Germanistika institutlari hamkorligi (GIP) loyihasining asosiy tashabbuskori va faol hamkori sifatida Germaniyaning nufuzli Heidelberg pedagogika oliygohi bilan O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari – O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti, Samarqand chet tillar instituti va Chirchiq Davlat pedagogika universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Mazkur loyiha doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy va akademik aloqalarni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va zamonaviy pedagogik metodlarni joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Germanistika bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va nemis tilini o‘qitish sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ham muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
OO‘IJ ushbu loyiha orqali ikki davlat oliygohlari o‘rtasidagi madaniy va ilmiy ko‘priklarni yanada mustahkamlashga, shuningdek, o‘zbek va olmon yoshlari o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

