Olmon-o‘zbek aloqalarining ildizlari XIV asrga borib taqaladigan uzoq tarixga ega. O‘sha davrda Amir Temur poytaxti Samarqandga turklar sababli olmon zodagoni Yohannes Shiltberger kelib qolgan edi. Keyingi aloqalarga XVIII asr oxiri – XIX asrda qadimiy Turkistonga safar qilgan olmon sayyoh va olimlari Herman Vamberi, Radlof va boshqalar asos soldi.
Madaniy va ilmiy almashinuv ayniqsa XX asrda, sho‘rolar davrida, intensiv ravishda yo‘lga qo‘yildi. O‘sha paytda ko‘plab o‘zbekistonlik aspirantlar va talabalar sobiq GDRda (Germaniya Demokratik Respublikasida) tahsil olib qaytdilar. Biroq faqat 1991 yilda erishilgan O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligi Olmoniyada O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus jamiyatlar tuzilishiga zamin yaratdi. Avvalo, 1996 yilda Bonn shahrida Olmon–O‘zbek Jamiyati tashkil etildi va unga Bundestag deputati doktor Bauer raislik qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Bremen shahrida ham Olmon–O‘zbek Jamiyati barpo etildi.
Bu jamiyatlar asosan madaniyat va ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshiradi; ilmiy tadqiqot va hamkorlik esa ularning asosiy maqsadlariga kirmaydi. Mustaqillik davrida Olmoniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy aloqalar asosan DAAD (nemis akademik almashinuv tashkiloti), Goethe-Institut va Inter Nationes orqali yo‘lga qo‘yildi. Ammo ularning qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari keyingi yillarda asta-sekin kamayib, cheklanib bordi.
«UMID» jamgarmasi
Ko‘pgina o‘zbek yoshlari mustaqillik davrida “Umid” jamg‘armasi orqali Olmoniya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishga muvaffaq bo‘ldilar. Boshqa tomondan, O‘zbekistonda ham olmon tili chet til sifatida xalqaro til maqomidagi ingliz tili tazyiqiga tobora ko‘proq duch kelmoqda. So‘nggi yillarda olmon tilini o‘rganuvchilar va o‘rgatuvchi o‘qituvchilarning soni ham kamayib bormoqda.
Ana shu omillar ikki tomonlama mustaqil Olmon–O‘zbek ilmiy jamiyati tuzilishini taqozo etdi.


Bu harakatlarga dastlabki turtkini 1999 yili Bayroytlik Prof. Dr. Alois Vierlaxer berdi va Bayroytdagi Xalqaro kommunikatsiya va tashqi madaniy ishlar instituti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Maqsad – o‘zbek olmonshunoslari uchun Olmoniya mamlakatshunosligi darsligini yaratish edi. Shu maqsadda birgalikda ushbu darslik uchun o‘quv dasturini ishlab chiqish ustida ish boshlandi.
2002 yili Robert-Bosch jamg‘armasi stipendiyasi yordamida Prof. Dr. Xurram Raximov Germaniyaning Albert-Ludwig universiteti Olmon tili bo‘limi mudiri doktor Helmut Ro‘ssler rahbarligida ilmiy safarda bo‘ldi. Olti oylik ilmiy loyiha davomida mamlakatshunoslik loyihasi ustida ishlash jarayonida Frayburg va Toshkent universitetlarining chet tillar fakultetlari o‘rtasida ham hamkorlik shartnomasi rektoratlar tomonidan imzolandi.
Yuqoridagi shart-sharoitlar mamlakatlarimiz o’rtasidagi ilmiy aloqalarining yanada rivojlanishiga olib keldi.
Frayburgda Bayroytlik professor Alois Wierlaxer, frayburglik doktor Helmut Ro‘ssler va Gabriele Keller hamda toshkentlik Xurram Raximovdan iborat Olmon–O‘zbek Ilmiy Jamiyatini tuzuvchi tashabbus guruhi tashkil etildi. Frayburg jamiyatning yuridik manzili sifatida belgilanilishida shunday bir omil muhim rol o‘ynadiki, aynan shu shaharda ilmiy va madaniy hamkorlik uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratilgan edi.
2001 yil may oyida Frayburgda O‘zbekiston madaniyati haftaligi o‘tkazilib, tadbir Gabriele Kellerning “O‘zbekistonda ayollar madaniyati – Ovrupolik ayol Markaziy Osiyodagi qadimiy an’analar izidan” nomli fotoko‘rgazmasi ochilishi bilan boshlandi. Shu ko‘rgazma doirasida Gabriele Keller olgan suratlar va Xurram Raximov sharhlaridan iborat xuddi shu nomdagi to‘rt tillik (olmon, o‘zbek, ingliz va fransuz) 288 sahifadan iborat rangli fotoalbom ham taqdim etildi.


Olmoniyada O‘zbekiston va o‘zbeklar haqidagi ijobiy tasavvurning tarqalishi va mustahkamlanishida trierlik professor doktor Klaus Panderning o‘zbek mavzusiga bag‘ishlangan qator ma’ruza va publikatsiyalarining hissasi katta. Bu borada muhim rol o‘ynagan o‘zbek tilidan olmon tiliga qilingan tarjimalar va boshqa nashrlarni ham eslab o‘tish o‘rinli.
Jumladan, Ingeborg Baldauf Uchqun Nazarovning “Chayon yili” romanini (2001), Karl Rayxlning “Ravshan” va “Alpomish” dostonlari hamda “O‘zbek ertaklari” tarjimalarini (1978, 1985, 2001), Ilze Laude-Cirtautasning “O‘zbek ertaklari” tarjimasini (1984), Jakob Taubening “Yarimta no‘xat” ertaklari tarjimasini (1991), Zigrid Klaynmixel va Otaboy Jumaniyozovning “O‘zbek tili” darsligini (1995) va shu mualliflarning boshqa nashrlarini, Xurram Raximovning o‘zbek tilidan olmon tiliga o‘girgan “O‘zbek xalq ertaklari”ni (1990), Gabriele Keller va Xurram Raximovning “Samarqand ertaklari”ni (2001, 2002, 2004) sanab o‘tish mumkin.
Ushbu nashrlarning barchasi O‘zbekiston va o‘zbek siymosining Olmoniyada kengroq tanilishiga muhim hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash lozim.
Ana shu qulay sharoitlar asosida 2002 yil 6 dekabrda Germaniyaning Albert-Ludwig universiteti qoshida dastlabki 32 muassis a’zo tomonidan Olmon–O‘zbek Ilmiy Jamiyati (OO‘IJ) tashkil etildi va ro‘yxatga olindi. Tashkilotning ta’sis yig‘ilishida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi Olmoniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, hozirgi Tashqi ishlar vaziri doktor Vladimir Norov, Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori doktor Saidnosir Fayzullaev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti va Til va adabiyot instituti direktori professor To‘ra Mirzaev, shuningdek, boshqa olmoniyalik va o‘zbekistonlik ilm-fan hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Jamiyat boshqaruviga quyidagilar saylandi:
Rais: doktor Helmut Ro‘ssler (Frayburg)
Birinchi muovin: doktor Xurram Raximov (Toshkent)
Ikkinchi muovin: professor doktor Klaus Pander (Trier)
Ish yurituvchi: Gabriele Keller (Buxenbax)
Xazinabon: Peter Halbrok (Kirxzarten)
Maslahatchilar: professor doktor Jens Peter Laut (Frayburg) va professor doktor Alois Vierlaxer (Bayroyt)
2003 yil 9 iyulda doktor Helmut Ro‘ssler nafaqaga chiqib, Janubiy Fransiyaga ko‘chib ketganidan so‘ng yangi rahbariyat saylandi. Shu kuni professor doktor Jens Peter Laut jamiyat raisligiga tayinlandi.

